Qo‘qon universiteti sizga ertangi yuksalish uchun ilm va kuch beradi. Biz Sizga o‘rganishingiz va o‘sishingiz mumkin bo‘lgan barcha imkoniyatlarni taqdim etamiz! O‘zingiz maqsad qilgan kelajakni yaratish uchun zamonaviy 9 ta mutaxassislikdan aynan sizga kerakligini tanlashingiz mumkin.
Qo‘qon universiteti talabalari safiga qo‘shiling hamda ertangi kunga va munosib martabaga tayyorlaning!
O‘zbekistonning iqtisodiyoti va ta’lim tizimida tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Iqtisodiyot va biznes, turizm yo‘nalishida faoliyat yuritish uchun katta imkoniyatlar yaratilyapti. O‘zbekistondagi birinchi nodavlat mustaqil universitet sifatida biz Qo‘qon universitetida sizga iqtisodiyot va ta’lim yo‘nalishlarida xalqaro darajadagi oliy ta’limni taqdim etamiz. Dunyoning eng nufuzli universitetlari bilan akademik hamkorlikda sizlarga maqsadlaringizga oson eltadigan bilim va ko‘nikmalar beramiz. Biz yetuk biznes bitiruvchilarini tayyorlash uchun professional akademik kadrlarni jalb etamiz, mamlakatning yetakchi tadbirkorlari biznes mahoratidan bahramand bo‘lishingizni ta’minlaymiz.
Bizning maqsadimiz akademik jihatdan keng qamrovli va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan bilimga, muhimi amaliyotga asoslangan tajriba va ko‘nikmaga ega mutaxassislar tayyorlashdir. Ertangi orzularingiz poydevorini qurish va amalga oshirishni istasangiz talabalarimiz safiga albatta qo‘shiling!
Biz haqimizda!
Qo‘qon universiteti (ing. Kokand University) – Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridagi birinchi nodavlat universiteti. Universitet shaharning markazi – Turkiston ko‘chasida joylashgan.
Qo‘qon universiteti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi 683-sonli "Qo‘qon universitetini tashkil etish to‘g‘risida"gi qaroriga binoan nodavlat oliy ta’lim muassasasi sifatida faoliyat yuritadi. Qaror bilan Universitetga xalqaro e’tirof etilgan reytinglarning (Times Higher Education – THE, Quacquarelli Symonds – QS) top-1000 talik ro‘yxatiga kirgan oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish, shuningdek, kunduzgi, sirtqi-masofaviy va maxsus sirtqi ta’lim shakllarida bakalavr yo‘nalishlari mutaxassisliklari dasturlari asosida o‘qitish huquqi berilgan. Universitet o‘z faoliyatini Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan berilgan litsenziya asosida olib boradi. Vazirlar Mahkamasining Qarori va “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning 31-bandiga muvofiq, Qo‘qon Universitetining diplomlari O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadi.
Universitetda O‘zbekistonning barcha viloyatlari yoshlari oliy ta’lim bilan qamrab olingan. Xususan, 12 ta viloyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridan talabalar ta’lim olishadi.
Universitetning tashkiliy tuzilmasi
Universitetning oliy organi Vasiylik Kengashi hisoblanadi. Bu Kengash universitet asoschilardan tarkib topgan bo‘lib, universitetni o‘z belgilagan yo‘li va qadriyatlariga sodiqlikni kafolatlagan holda boshqarish maqsadida tuzilgan.
Rektor universitetning jami ishini nazorat qiladi. Universitetning kollegial boshqaruv organi universitet rahbariyati va yetakchi professor-o‘qituvchilar, katta tajribaga ega xodimlardan tashkil topgan, rektor boshqaradigan Universitet Kengashi hisoblanadi. Kengash universitetning ilmiy siyosati, uning jarayonlari, akademik qarorlarning mustaqilligi kafolatlanishi va akademik standartlar qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlaydi. Ushbu masalalarni hal qilish uchun Kengash rektor boshqaradigan va olimlardan iborat mustaqil Ilmiy kengashni ta’sis etdi.
Shuningdek, universitet faoliyatining ixtisoslashgan yo‘nalishlarini prorektorlar, fakultet dekani, kafegralar mudirlari va departamentlar rahbarlari boshqaradi.
Akademik faoliyatdan maqsad
Qo‘qon universiteti:
* Markaziy Osiyo va xalqaro miqyosda yetakchi universitetlaridan biri sifatida faoliyat yuritish;
* Ijtimoiy farovonlikni yanada rivojlantirish va butun jamiyat istiqbolida ishtirok etish;
* Ta’lim sifati va professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlari hamda malakali bitiruvchilar faoliyati orqali yetakchi sohalarda islohotlarni yangilash;
* Amaliy tadqiqotlar va akademik mukammallik sari doimo intiladi.
Marketingga asoslangan faoliyat:
Qo‘qon universitetining butun faoliyati marketing tadqiqotlariga asoslangan. Bu tadqiqotlar talabalarga nazariy ilmiy bilimlarni ishlab chiqarish faoliyati jarayonida qanday qo‘llanilishini amalda ko‘rsatadi.
Marketing tadqiqotlari akademik doiralardan tashqari, jamiyatda mavjud bo‘lgan real ma’lumotlar va bilimlarni olish imkonini beradi. Biz mamlakat taraqqiyotini universitet faoliyati bilan bevosita bog‘liq holda ko‘ramiz! Ijtimoiy-iqtisodiy farovonlik yo‘lida doimiy ravishda qator tadqiqotlar o‘tkaziladi. Universitet marketing tadqiqotlarida ota-onalar, jamiyat a’zolari, o‘quvchilar, talabalar, yoshlar fikri so‘rovnomalar asosida o‘rganiladi. Shuningdek, internet, ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy manbalarda mavjud ma’lumotlarga ham tayaniladi.
Ta'lim yo‘nalishlari
Tadqiqot va ta’limiy vazifalar:
Universitetning bugungi kundagi roli va ahamiyati yuksak. Universitet faoliyati ilmiy yondashuvni talab qiladigan iqtisodiyot va jamiyat hayotining boshqa sohalari talablari asosida takomillashtirib borilmoqda. Innovatsion tizimning muhim ishtirokchisi va yo‘naltiruvchisiga aylanish hamda bu tizimda bilim yaratuvchi va tarqatuvchi, jamiyatga o‘z ilg‘or texnologiyalarini yetkazib beruvchi sifatida faoliyat olib borilyapti.
Qo‘qon universiteti Markaziy Osiyoda iqtisodiyot va tadbirkorlik ekotizimining rivojlanishida muhim o‘rin egallash va mavjud yo‘nalishlarda liderlar tarmog‘ini yaratishni maqsad qilib qo‘ygan. Universitet uchun ilmiy-tadqiqot va ta’limiy vazifalar – iqtisodiyotda o‘ziga xos rivojlanish yo‘llarini ishlab chiqish va shu orqali jamiyatdagi ijtimoiy hamda inson resurslari bilan bog‘liq muammolarni hal qilish ustuvor hisoblanadi!
Qo‘qon universiteti qadriyatlari
Biz bilan muvaffaqiyatga erishing!